Ассалому алайкум, Сиз Maslahatim.uz сайти орқали маслаҳат сўрашингиз ва маслаҳат беришингиз мумкин!

Асалнинг фойдалари

Асалнинг фойдали жиҳатлари ва фойдаланиш усуллари тўғрисида маълумот берсангизлар!

аноним изоҳ берди

Toza asalni qattan topish mumkin

8 та жавоб

xech_kim жавоб берди 200

Assalomu alaykum toza asalni so'rab surishtirsangiz albatta topasiz . Toza asalni bilish uchun 1 osh qoshiq asalni  yarim piola suvga solganingizda suv xira tortishi kerak ana o'sha toza asal agarda xira bo'lmasa demak u asalga qiyom qo'shilgandir smileyAsal – hayot sharbati. Saxovatli tabiatda qadim zamonlardan asalning shifobaxsh xosiyati ma’lum. Tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali ibn Sinoning yozishicha asal mijozni tozalaydi, tomir yo‘lini ravon qiladi, ho‘llik va gazakni shimdiruvchi quvvati bor. U ho‘llik va gazakni badanning chuqur erlaridan tortadi, go‘shtni sasish va buzilishdan saqlaydi, chirkli chuqur yaralarni tozalaydi. Asal ko‘z xiraligini ketkazadi. Uni tanglay bilan ezib so‘rish va g‘arg‘ara qilish bo‘g‘madan xalos etishga yordam beradi. Asal suvi me’dani kuchaytiradi, ishtahani ochadi, ovqat hazmini yaxshilaydi. Achchiqtosh bilan mushtaraklikda temiratkiga davo bo‘ladi. Navqironlikni saqlash uchun, ayniqsa, yoshi 45 dan oshgan kishilar asaldan tez-tez iste’mol qilib turishlari kerak.

Muhammad Husayn ibn Muhammad al-Oqiliy "Maxzan-ul-ladviya" ("Davolar xazinasi") kitobida asalning xosiyatlari haqida to‘xtalib, unga yuksak baho beradi. Asal a’zolarni tozalaydi, tiqilmalarni ochadi, me’da-ichak devorlaridagi xiltlarni yo‘qotadi, miyani ortiqcha va zararli narsalardan musaffo etadi, falaj, istisqo, sariq kasalliklariga davo bo‘ladi. Salomatlikni yaxshi saqlash uchun har kuni nahorda asalni suv bilan aralashtirib ichib turish lozim. Asal ko‘krak va plevrani yaxshi tozalaydi, taloq kasalliklarini davolashda foydalaniladi, el hosil bo‘lishini to‘xtatadi, buyrak, qovuqdagi toshlarning erishiga yordam qiladi, zo‘riqib siyishda engillik beradi.

 

Asal suv bilan ichilsa, jinsiy quvvatni oshiradi, siydik ajralishini yaxshilaydi, ichak va qovuqdagi yaralar tuzalishi, tozalanishiga yordam beradi. Uni suvda eritib og‘iz bo‘shlig‘i chayqalsa, tomoqdagi yiringli yaralarning so‘rilib ketishiga yordam beradi, bodomcha bezlarning yallig‘lanishiga davo bo‘ladi, og‘izdagi jarohat va yaralar, shuningdek, tanglay, til, xiqildoq, bodomcha bezlar, og‘izdagi illatlarni tozalaydi, milk va tishlarni mustahkamlab, oqartiradi. Ayniqsa, tishga oy mobaynida uch-to‘rt marta asal surtish yaxshi. Shuvoq, o‘rmonzor asali jigarga juda foydali hisoblanadi, tiqinlar so‘rilib ketishiga yordam beradi.

Asalli choy balg‘am ko‘chirishda, nafas yo‘llari va o‘pka shamollashida eng yaxshi vosita hisoblanadi. Bulardan tashqari, u bedarmonlikda, sil kasalligida quvvat bag‘ishlaydigan tabiiy davo. Buning uchun asalni sabzi sharbati yoki sut bilan kuniga 60-100 g.dan iste’mol qilish koni foyda. Asal o‘n ikki barmoq ichak yarasiga malham bo‘ladi, me’da-ichak yo‘li, jigar, buyrak, qovuq kasalliklari faoliyatini yaxshilab, yurakka quvvat bag‘ishlaydi. Ma’lumki, glyukoza mushak to‘qimalariga quvvat beruvchi manba hisoblanib, yurak mushaklarini mustahkamlaydi. Shu maqsadda bemorga ko‘p miqdorda qaynoq choy bilan asal berish to‘g‘ri kelmaydi. Chunki, yurak faoliyati keskin ortib ketadi, badandan bemavrid ter ajralishi kuchayadi, natijada, ortiqcha harakat evaziga yurak zo‘riqib qolishi mumkin. Yurak xastaligi bor bemorlarning asalni oz-ozdan iste’mol qilishi tavsiya etiladi (kuniga 2-3 mahal bir choy qoshiq yoki osh qoshiqdan). Asal sut, suzma, mevalar bilan eyilsa yaxshi foyda beradi. Doimo oz-ozdan asal eb yurilganda yurak faoliyati, qon tarkibi yaxshilanadi, odamning quvvati ortadi, gemoglobin miqdori oshadi va hokazo.

 

 

Asal buyrak kasalliklarini davolashda ham foydali. Chunki, uning tarkibida juda oz miqdorda oqsil bo‘lishi bilan birga, ortiqcha tuzlar bo‘lmaydi. Ar-Roziy buyragi xasta bemorlarga 200-400 g.dan asal berib turishni tavsiya qilgan. Buyrak xastaliklarida na’matakli damlama (15 g na’matak 0,5 l suvga) asal bilan yoki bir-ikki stakan miqdorida turp sharbatiga asalni aralashtirib ichiladi. Mabodo buyrakda qum, zarra toshlar bo‘lsa, zaytun moyi, asal hamda limon sharbatini aralashtirib, bir osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ichish tavsiya etiladi. Asal qovuq bo‘shlig‘i hamda peshobni ushlay olmaslikda foyda. Tabiblar shamollash kasalliklarida bir qoshiq asalni bir stakan issiq sutga aralashtirib ichishni tavsiya qiladilar. Bir dona limon suvini bir stakan asalga aralashtirib iste’mol qilish ham yaxshi natija beradi. Tumov xastaligining oldini olish uchun sarimsoq po‘stlog‘idan tozalab, qirib, teng miqdorda asal bilan yaxshilab qorishtiriladi. Uxlash oldidan bir choy qoshiqdan qaynatilgan suv bilan 3-5 kun ichiladi. Asal iste’mol qilib turilganda odam organizmining immunobiologik reaktivligi (ya’ni bir qator xastaliklarga nisbatan bardoshliligi) ortadi. Asal sharbati burunga tomizilsa (tortilsa) surunkali tumovdan forig‘ bo‘lish mumkin.

Qadimda tabiblar yong‘oq mag‘zini maydalab ezib asalga qorib eyishni quvvatbaxsh omil sifatida tavsiya etganlar. Toza asalning turp sharbati bilan omuxtasi ko‘krakni yumshatadi, balg‘am ko‘chishini osonlashtiradi (turpni yaxshilab yuvib, bandini uzib, ichini o‘yib, to‘ldirib asal solinadi, xona haroratida 5-6 soat qo‘yib saqlanadi). Bu sharbat dardga davo bo‘ladi.

 

 

Abu Ali ibn Sino mijoz sustligi hamda befarzandlikda asalli muolajalardan foydalangan. Asal hosil qiluvchi a’zolarning ishini kuchaytiradi, jigar xastaliklariga malham bo‘ladi, shuningdek, me’da osti bezi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, go‘daklar uchun, ayniqsa, ona suti kamligida foydali.

Nemis shifokorlari ozish uchun ozroq miqdorda yog‘siz go‘sht, pishloq, sabzavot va mevalar berilishi bilan birga, kuniga 300-400g asalni mevalar yoxud suv bilan iste’mol qilishni tavsiya etadilar. Bu ozdiribgina qolmay, balki jigar faoliyatini yaxshilaydi, tanadagi ortiqcha moddalardan qutulishga yordam beradi.

Asal qabziyatdan xalos etib, ichni mayinlashtiradi. Kuyganda toza asal surtish iztirobli og‘riqqa chek qo‘yishi bilan birga, pufaklar hosil bo‘lishidan saqlaydi. Mushak tortishishida har safar ovqatlanishda 2 choy qoshiqdan asil asalni bir hafta iste’mol etib turilsa, azobdan holi qiladi.

Ispaniyalik shifokor Beatris Peres Anduxarning ma’lumotlariga ko‘ra, asal bundan 900 yil muqaddam ko‘hna yunon-olmon xalqlarida qizdirilgan sariyog‘ bilan ko‘krak yoshidagi bolalarning og‘ziga ko‘krak tutishdan oldin bir necha tomchi asal solish odati bo‘lgan.

N. P. Ioyrishning yozishicha, bolalar ovqati tarkibiga qo‘shiladigan bir choy qoshiq asal 20-25 g qandga nisbatan afzal. Chunki, asal tarkibida juda ko‘p biologik faol moddalar bor. Bolalarga distrofiya hamda dispepsiyada shirguruchga 3 foiz asal qo‘shish natija beradi. Asalning ajoyib xususiyatlaridan biri – u oqsil, yog‘lar hazm bo‘lishini osonlashtiradi va sut tarkibidagi kazeinni oksidlab juda mayda bo‘lakchalarga ajratadi. Shu tufayli ozuqa moddalar go‘dakning me’dasidan, juda oz fursatda o‘tib ketish xususiyatiga ega bo‘lib, antidipeptogen omil hisoblanadi.

Bolalar qusganda, yuqumli kasalliklar (ingibin), qabziyat (bifidogenlik omili), anorektsiyada (xushbo‘y moddalar hamda vitamin V10 mavjud bo‘lganligi tufayli) asal tavsiya qilinadi. Odatda, asal bolalarga choy qoshiqda (taxminan kuniga 30 g) ovqatlanishdan bir soat oldin, shuningdek, ovqatlanishdan ikki-uch soat keyin beriladi. Shunda bolaning a’zolari mustahkamlanib, ishtahasi ochiladi. Shuni alohida qayd qilib o‘tish kerakki, iloji boricha bunday muolajalarni shifokor maslahati bilan qilish lozim.

 

Toza asalni qanday tanlash mumkin?

Hozirda asalning bir qancha turlari mavjud bo‘lsada, ulardan inson organizmiga ko‘proq foydali turini ajratib olish qiyin. Asal sifatini aniqlash uchun qadimdan turli usullar qo‘llanilgan. Masalan, asal qoshiqdan uzilmay cho‘zilib oqsa yoki olovga tutilganida yonsa, sifatli hisoblangan. Aholi orasida buning yanada osonroq usuli bor: xarid qilishdan oldin bir tomchi asalga kimyoviy qalam surtib ko‘rilganda tomchida moviy-binafsha rang paydo bo‘lmasa, demak, u haqiqiy asal hisoblanadi. So‘nggi paytlarda rangi va hidi jihatidan toza asaldan farq qilmaydigan "shirinlik"ni asal o‘rnida sotuvchilar ko‘payib qolgani hech birimizga sir emas. Ammo bunday holatlardan saqlanish va asal tarkibidagi yot narsalarni aniqlashning bir necha yo‘llari mavjud:

l asal solingan naysimon shishaga distillangan yoki yomg‘ir suvi quyiladi. Asal tezda erib, aralashmalar o‘z-o‘zidan ajralib qoladi;

l asal suvda eritilib, bir necha tomchi yod tomiziladi. Uning tarkibida kraxmal yoki un bo‘lsa, eritma zangori tus oladi;

l asalga shakar qiyomi qo‘shilganini aniqlash uchun bir choy qoshiq asalni yarim stakan suvda eritib, ozroq miqdorda kumush nitrat (lyapis) eritmasidan qo‘shilganda, stakan tubida oq cho‘kma hosil bo‘ladi.

Toza asalning shifobaxsh xususiyatlarini saqlash uchun qalay, temir, tunuka, mis idishlarda emas, balki, rangli va shisha idishlar, shuningdek, og‘zi mahkam yopiladigan chinni, sopol buyumlarda saqlash lozim. Bundan tashqari, quyosh nuri va isitish moslamalaridan uzoqroqda saqlagan ma’qul.

 

аноним жавоб берди 0

Asal mazasi asalari qaysi o’simliklardan shira olganligiga qarab aniqlanadi. Unga qaysi o’simlik shirasi asoslik vazifasini o’tagan bo’lsa, asal ham o’sha o’simlik nomi bilan sifatlanadi. Masalan akasiya asali , paxta asali , beda asali, kungaboqar asali , yantoq asali, vhk.
Asal borasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot natijalariga ko’ra, uning tarkibida 75 foiz meva shirinligi mavjud, qolgan qismi esa suv, oqsil moddasi, kislotalar, fermentlar va xushbo’y moddalardan iborat. Sof asal shifobaxshlik xususiyatiga ega, u juda ko’p yillar davomida buzilmay turadi. Bir kilogramm asal 3150 kaloriya quvvatga ega. Bu 30 dona tuxum yoki 2.5 kg semiz go’shtning quvvatiga teng degan so’zdir. 200 gr asalning quvvagi 180 gr pishloq, 8 dona apelsin va 350 gr maydalangan go’sht quvvatiga tengdir.
Asalning tarkibida juda ko’p vitaminlar va mikro-elementlar bor. Asal tarkibida mikro va mikroelementlarning borligi asalning sifatini, shifobaxshlik xususiyatini boyitadi. Asalning bu shifobaxshlik xususiyatini saklash uchun shisha, sopol va sirlangan idishlarda qorong’i joylarda saqlash lozim, asal saklangan uyni tez-tez shamollatib turish, haroratni esa 5-10 darajadan oshirmaslik lozim. Uni temir, alyuminiy idishlarda mutlaqo saqlab bo’lmaydi. Chunki uning tarkibidagi moddalar temir va alyuminiy bilan reaksiyaga kirishib, zaharli moddalar hosil qilishi mumkin.
Asalni o’pka, buyrak, jigar, yurak va qon-tomirlar, oshqozon va ichak, markaziy asab sistemasini, ko’z, teri kasalliklarini va turli-tuman surunkali yara kasalliklarini davolashda keng qo’llash mumkin. Surunkali bronxit, farangit va rinit, o’pka kasalliklariga 5-10 foizli asal eritmasi tayyorlab, ingalyasiya qilinsa, bemor tez tuzalib ketadi. Oshqozon, ichak kasalliklarini davolashda ham asal juda foydali. Oshqozon va o’n ikki barmoqli ichak yarasi kasalliklarini davolashda ovqatdan 1,5-2 soat oldin 25-30 grammdan iliq suv yoki-meva sharbatiga asal eritib ichilsa, oshqozon shirasi ko’payishiga sabab bo’ladi. Asal bilan davolanishda bir kunda o’rtacha 80-100 grammgacha asal tanovvul qilish mumkin. Erta bilan 30 gramm miqdorda. Davolash vaqti bir yarim — ikki oyga mo’ljallangan.
Qadimgi yunonlarda chakalokni emizishdan oldin uning og’ziga bir necha tomchi asal tomizish yoki ona ko’ksiga asal surtish odat bo’lgan. Darvoqe, ba’zi vaqtlarda bolaga sigir suti berishga to’g’ri keladi. Lekin bunda bolaning rangi bir oz oqaradi, harakatlari esa bir oz susayadi. Ana shunda sutga ozgina asal qo’shilsa bas go’dak sog’ayib ketadi. Ozishga moyillik, gepatit va oshqozon-ichak, nafas yo’llari kasalliklarini davolashda ham asaldan foydalanish ma’qul. Ba’zi yosh bolalar har xil sabablarga ko’ra ishtahasi bo’lmay kam ovqat yeydi. Bunday bolaga vaqti-vaqti bilan asal berib turilsa ishtahasi ochiladi.
Asal ozmoqchi bo’lgan kishilarga ham, semirishi kerak bo’lgan kishilarga ham baravar shifobaxsh ta’sir ko’rsatadi. Darmonsiz, ozg’in kishilar asalni boshqa oziq-ovqatlar bilan birga tanovvul qilishlari kerak. Semirib ketgan kishilarga esa ozish uchun asalni ho’l meva yoki suv bilan iste’mol qilish tavsiya etiladi. Yurak kasalliklariga chalingan bemorlarga yalpiz asali, oshqozon ichak kasallanganda rul asali, buyrak kasallansa, har xil giyohlar va mevali daraxtlar asalini iste’mol qilish tavsiya etiladi. Asal eng avvalo, toza, tarkibida shakar qiyomi, sirka qo’shilmalarisiz bo’lmog’i kerak. Asalni isitilsa shifobaxshlik xususiyati ancha yo’qoladi. Shuning uchun uni o’z holicha, ya’ni tabiiyligicha futur yetkazmay foydalanish yaxshi samara beradi.
Asal to’g’risidagi hamma ma’lumotlarda xozirgi zamon fani tibbiyoti ham uning ko’p foydali xususiyatlariga tan berganligi e’tirof qilinadi. Asal kishi organizmiga beqiyos foydali bo’lganligidan hamma kasalliklarga davo hisoblanadi. Ibn Sino asalning shifobaxshligini o’rganib, turli xil kasalliklarni davolagan hamda bu borada o’zining qimmatli tavsiyalarini ham ishlab chiqqan. Chunonchi nafas a’zolari yaralanib qolsa, asalni tanglay bilan ezib so’rishni, ko’z hiralashib qolsa unga asal surtib ko’z xiralashishini ketkizishni maslahat beradi. Buyuk tabib bundan ming yil ilgari asalni kishini tinchlantiruvchi xususiyatiga ega ekanligini ham isbot etgan. Shu maqsadda uni uyqusizliqda va har xil asab kasalliklari, shuningdek, bolalar kasalliklarini davolashda qo’llagan. Bunda dastlab asalning quvvatligiga, tez hazm bo’lishiga, xushbo’yligiga shirin ta’mga ega bo’lishiga tayanib ish ko’rganligini maxsus uqtirib o’tadi. Bundan tashqari, oshqozon ichak va boshqa a’zolarning kasalliklarini davolashda, turli xil shamollashlar va o’pka kasalliklarida asalni iliq sutga yoxud limon, sabzi, sholg’om suvlariga aralashtirib ichishni buyurgan. o’tmishda odamlar uzoq muddat safarga chiqqan paytlarda tez buziluvchi oziq-ovqatlarni saqlashda asaldan foydalanganliklari ma’lum. hatto toza asalni o’lganlarni balzamlashda (buzilishdan saqlashda) ham ishlatganlar. Sarkarda Aleksandr Makedonskiyning jasadini o’z vataniga shu tarzda olib kelingani tarixdan ma’lum. Ibn Sino asalni bosh og’riqlari kasalliklarini davolashda qo’llagan. Uning asalni tuz bilan aralashtirib, qulokqa tomizilsa uni tozalaydi va eshitish quvvatini kuchaytiradi degan fikrlaridan tabiblarimiz hozirgacha foydalanadilar. Shayx ur-rais uzoq umr ko’rish uchun doimo oziq-ovqat tarkibida asal bo’lishini alohida ta’kidlagan. 45 yoshdan oshgan kishilarga har kuni asalning yong’oq bilan ezilgan aralashmasini iste’mol qilishni buyurgan. o’pka kasalliklarini davolashda asalni qizil gul bargi bilan aralashtirilgan aralashmasini bemorlarga har kuni ertalab soat 12 gacha qabul qilishni tavsiya qilib o’tgan. U qon tomiri va yurak kasalliklarida asal bilan shirin anor qo’shib istemol qilishni foydaligini o’qtiradi. Uning bolalar tabobati, tarbiyasi, sanitariyasi va gigenasida asaldan foydalanish soxasida bayon etgan fikrlari hozirgacha o’z ahamiyatini yo’qotgan emas. Bu jihatdan, ayniqsa, uning bolalarda paydo bo’ladigan ayrim kasalliklarni asal bilan davolashga oid o’ndan ortiq tavsiyalari daqqatga sazovordir. Ibn Sino o’zining birinchi kitobida yozadi: «Bolalarning tishlari chiqish oldidan tish milklarida paydo bo’ladigan shishlarni, ikki jag’ suyagining chekkasidagi paylarda paydo bo’ladigan shishlar va tirishish kasalliklari paytida bolaning og’zini moy-chechak (romashka) yog’iga aralashtirilgan asal bilan chaplaydilar». Bugina emas, olim bolani asal bilan emizish va uni ko’krakdan ajratishda undan foydalanish tadbirlarini ham aytgan.

аноним жавоб берди 0
Бутунги кунда дунёнинг илмий жиҳатдан ривожланган мамлакатларида асаларичилик ва асал маҳсулотлари тадқиқотнинг янги қирраларига асос солди. Асал келтирадиган фойдалар қуйидагича таърифланиши мумкин:

Осон ҳазм қилинади: Асалдаги қанд молекулалари бошқа қандларга (м-н., фруктозадан глюкозага) айлана олиши сабабли, у ўзининг юқори кислотали таркибига қарамасдан ҳар қанақа меъдада осон ҳазм қилинади. У буйрак ва ичакларнинг яхшироқ фаолият кўрсатишига ёрдам беради.

Қон орқали тез тарқалади; тез қувват олиш манбаи: Асал устидан юмшоқ сув қабул қилинганда, асал қон оқимига етти дақиқада тарқалади. Унинг эркин қанд молекулалари мия фаолиятини яхшилайди, чунки мия қандни энг кўп истеъмол килувчи аъзодир. Асал глюкоза ва фруктоза каби қандларнинг табиий бирикмасидир. Яқинда ўтказилган тадқиқотга кўра, қандларнинг ягона аралашмаси чарчоқни кетказиш ва енгил ҳаракатни ошириш учун энг самарали восита бўлиб хизмат қилади.

Қон ҳосил бўлишини таъминлайди: Асал қон ҳосил қилиш учун тана томонидан талаб этиладиган энергиянинг энг муҳим қисмини таъминлайди. Бундан ташқари, у қонни тозалашда ёрдам беради. У қон айланишини тартибга солиш ва осонлаштиришда баъзи ижобий таъсирларга эга. Шунингдек, у қон томири капилляр муаммолари ва артериосклерозга қарши ҳимоя вазифасини ҳам бажаради.

Бактерияларга ўрин қолдирмайди: Асалнинг бактерицид (бактерияни ўлдирувчи) хоссаси «даф қилиш эффекти» бўлиб, бу антимикробик хусусият бир неча илмий асослар билан асосланади. Масалан: микроорганизмларнинг кўпайиши учун керак бўладиган сув миқдорини чекловчи юқори қандли таркиб, бактерияларнинг кўпайиши учун зарур бўлган азотдан уларни маҳрум килувчи юқори кислоталилик (кичик pH) ва бирикма, водород пероксид ҳамда антиоксидловчиларнинг асалда мавжудлиги бактерия кўпайишининг олдиниолади.

Антиоксидловчи: Соғлом ҳаёт кечиришни хоҳлаган ҳар бир киши антиоксидловчилар истеъмол қилиши шарт. Булар ҳужайралардаги таркибий қисмлар бўлиб, нормал метаболик функцияларнинг зарарли қўшимча моддаларини бартараф қилади. Бу элементлар овқатнинг айниши ва кўплаб сурункали касалликларни келтириб чиқарадиган бузувчи кимёвий реакцияларга барҳам беради. Тадқиқотчиларнинг фикрича, антиоксидловчиларга бой озиқ-овқат маҳсулотлари юрак муаммолари ва саратон касаллигининг олдини олиши мумкин. Асал таркибида пиносембрин, пинобахин, кризин ва галагин каби кучли антиоксидловчилар мавжуд. Пиносембрин антиоксидловчи фақат асалда мавжуд, холос.112

Витамин ва минераллар депоси: Асал глюкоза ва фруктоза каби қандлар ҳамда магний, калий, кальций, натрий хлор, олтингугурт, темир ва фосфат каби минераллардан таркиб топган. У В1, В2, С, В6, В5 ва В3 витаминларини ўз ичига олган бўлиб, уларнинг барчаси нектар ва гулчангларнинг сифатига қараб ўзгаради. Юқоридагилардан ташқари, асалда оз миқдорда бўлса-да мис, йод ва рух элементлари ҳам бор.

Асалнинг бактерия ҳамда яллиғланишга қарши хоссалари клиник кузатувлар ва изланишлар натижасида аниқланди. Асал касалликдаги инфекция ва ўлик ҳужайраларни оғриқсиз тозалашда ва янги тўқималарнинг ривожланишида ниҳоятда фойдалидир. Асалдан дори сифатида фойдаланиш энг қадимги ёзувларда ҳам қайд этилган. Ҳозирги кунда, шифокор ва олимлар асалнинг жароҳатларни даволашдаги самарадорлилигини қайта кашф қилишмоқда. Сўнгги 20 йил ичида асални тадқиқ қилган етакчи олим, Янги Зеландиядаги Уайкато университетининг биокимё соҳаси профессори Доктор Питер Молан асалнинг антимикробик хусусияти ҳақида шундай дейди: «Ўтказилган тажрибалар шу нарсани кўрсатдики, шифохонларда куйган жойни даволаш учун энг кўп ишлатиладиган антибактериал малҳам, кумушли сульфадиазинга қараганда асал куйган яраларга инфекция туширмаслиги билан энг фойдалидир.» («Инфекция тушган жароҳатларга қарши асал», www.apitherapy.com/honeysk.html)

Асал жароҳатларни даволашда ишлатилади:

-     Асал ҳаводан намликни тортиб олиш қобилиятига эгалиги туфайли соғайиш жараёнини осонлаштиради ва чандиқ ҳосил бўлишининг олдини олади. Бунга сабаб, асал соғайган жароҳат устида янги тери қопламини пайдо қиладиган эпителиал ҳужайраларнинг ўсишини тезлаштиради. Шу йўсинда, ҳатто катта жароҳатларда ҳам асал тўқима кўчириб ўтказиш заруриятига ҳожат қолдирмайди.

-     Асал соғайиш жараёнида иштирок этадиган тўқиманинг қайта ўсишини тезлаштиради. У янги қон капиллярларининг шакллани-шини ва теридаги чуқурроқ қатламнинг бириктирувчи тўқималари ўрнини эгаллайдиган фибробластларнинг ўсишини тезлаштиради ҳамда тузалишга куч берадиган коллаген толаларини ишлаб чиқаради.

-      Асал яллиғланишга қарши таъсирга эга бўлиб, жароҳат атрофидаги шишни камайтиради. Бу қон айланишини яхшилайди ва шу тарзда соғайиш жараёнини тезлатади. У оғриқни ҳам камайтиради.

-      Асал жароҳатдаги тўқималарга ёпишиб қолмайди, демак, жароҳатдаги боғлам ўзгартирилганда эндигина пайдо бўлган тўқима юлиб олинмайди ва оғриқ бўлмайди.

-      Нур билан қилинган муолажа натижасида беморларда пайдо бўладиган жароҳат ёки чандиқ устидан асални боғлаш жуда яхши фойдаберади.113

-      Юқорида қайд этилганидек, асалнинг антимикробик хусусияти туфайли у яраларга инфекция тушишининг олдини олувчи ҳимоя тўсиғини ҳосил қилади. Шунингдек, у жароҳатлардан инфекцияларни тез тозалайди. Асал бактериянинг антибиотикка чидамли турларига ҳам самарали таъсир кўрсатади. Антисептик моддалар ва антибиотикларга аксинча, жароҳат тўқималарига қулай таъсир кўрсатади ва соғайиш жараёнини ёмонлаштирмайди.114

Бу маълумотлардан асалнинг кўплаб «соғайтирувчанлик» хусусиятларига эга эканлиги кўриниб турибди. Бу шубҳасиз, Қудратда Танҳо Аллоҳ ваҳий қилган Қуръоннинг мўъжизаларидан биридир. Асалдаги озуқавий қимматнинг таҳлилини кейинги саҳифада берилган жадвалдан кўришингиз мумкин:

2000 йил, 10-13 сентябрь кунлари Мельбурнда ўгказилган «Жароҳатни тузатиш бўйича биринчижаҳон конгресси» асалнинг жароҳатни тузатишда қўлланилишини муҳокама қилди. Конгресс давомида қуйидагича фикрлар билдирилди: Антибиотикларга ўта чидамли бактериялар билан инфекцияланган жароҳатлар учун даво топиш мақсадида кўплаб антибактериал моддалар ўрганиб чиқилмоқда, чунки бу катта клиник муаммога айланмоқда. Лекин кўпчилик табиий моддаларнинг инфекция тушган жароҳатларга яхши таъсир кўрсатиши исботланмаган ёки уларнинг жароҳат тўқималарига ёмон таъсир кўрсатганлиги тўғрисида ҳам маълумотлар йўқ. Асал ўзгача, чунки унинг жароҳатни боғлашда 4000 йилдан буён ишлатилиши ҳақида жуда қимматли маълумотлар бор ... Асалда кучли антибактериал таъсир мавжуд ва жароҳатга тушган инфекцияни тозалаш ҳамда яраларни инфекция тушишдан асрашда унинг самараси жуда катта.
Abdusattor жавоб берди 325
Asal - asalari ishlab chiqaradigan asosiy mahsulotdir. Ishchi arilar tabiatdagi shiralarni yig‘ib kelib, qayta ishlash yo‘li bilan asalga aylantiradi. Bu jarayonda saxaroza o‘zgarishga uchrab, fruktoza va glyukoza hosil qiladi. Kimyo ilmiga oid adabiyotlarda asal tarkibidagi bu ikki moddaning nisbati qariyb tengligi aytilgan. Asal - "jonivorlar vujudi tarkibidagi asosiy moddalardan bo‘lmish ribozni o‘z ichiga olgan yagona ozuqa moddasi, mikrob tushmaydigan birdan bir yegulik" ("Ilohiy mo‘'jizalar" kitobi). Asal qariyb 100% organizmga so‘riladi va uning 1 kilogramida 3200 kaloriya quvvat bor. Asalda 300 dan ziyod modda mavjudligi aniqlangan: organik kislotalar, ularning tuzlari, uglevodlar, vitaminlar, garmonlar, fermentlar, efir yog‘i... "Asal xosiyatlari" kitobida yozilishicha, uning tarkibi 32% glyukoza, 2% saxaroza, 36% fruktoza, 8% maltoza, 20% suv, 2% mineral tuzlardan iborat. O‘zbekiston milliy entsiklopediyasida asalda 80% dan ko‘proq uglevodlar (glyukoza, fruktoza) borligi aytilgan. M. Abdulxaeva va O‘. Mardonovlarning "Kimyo" kitobida ham "asalda bir vaqtning o‘zida glyukoza va fruktoza 80%"ni tashkil etishi qayd etilgan. Albatta, barcha asalning tarkibi bir xil bo‘lmaydi. Turiga ko‘ra kimyoviy tarkibi ham farqlanadi. Bu o‘rinda asal qaysi o‘simlikdan olingani va o‘sha o‘simlikning kimyoviy tarkibi ham ahamiyatlidir. "Odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat" Qur'oni karimning Naxl surasida asalga shunday ta'rif beriladi. Asalning shifobaxshligi qadim- qadimlardan ham yaxshi ma'lum. Qadimgi Misr tabobatida asal va mumdan shifo uchun foydalanishning 500 dan ortiq retsepti bo‘lganligi haqida bizgacha ma'lumotlar yetib kelgan. Ibn Sino asalning boshqa bir qator shifobaxsh xosiyatlari bilan birga tinchlantiruvchi xususiyatini alohida ta'kidlab o‘tgan. O‘tgan asrning 60- yillaridan boshlab tibbiyotda asal bilan davolash usullari - apiterapiya shakllandi. Asalning boshqa davo vositalardan asosiy farqi shundaki, u kompleks ta'sir qiladi. Me'yor unutilmasa, zarracha ham salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi. Kunlik me'yor Toza asal allergiya qo‘zg‘amaydi, organizmni yosh va sog‘lom saqlaydi. Bizda asosan qishda asal yeyiladi (issiqlik bo‘lgani uchun). "Ilik uzilar payt" hisoblangan ko‘klamda ham asal iste'mol qilish organizmdagi vitaminlar tanqisligining oldini oladi, immunitetni oshiradi. Tibbiyotda 45 yoshdan o‘tgach, har kuni asal iste'mol qilib turish tavsiya etiladi. Shifobaxshlik jihatidan to‘q rangli asal och rangli asaldan afzalroqdir. Shuningdek, asal bilan davolanishda qaysi o‘simlikdan olingani va o‘sha o‘simlikning shifobaxshlik xususiyatlari ham inobatga olinsa, ko‘zlangan natijaga yanada tezroq erishish mumkin. Eng qizig‘i shundaki, asal ozishda ham, semirishda ham birday yordam berar ekan... Asalning shifobaxsh xususiyatlari, albatta, shular bilan tugamaydi. Bu borada hurmatli o‘quvchilar bizdan ko‘ra ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lsalar ham kerak. Chunki asal xalqimiz orasida davo vositasi sifatida juda mashhur. Shuning uchun bu haqda ortiqcha to‘xtalmaymiz. Asal turlari "...Tabiatdan olinish manbaiga ko‘ra gul (nektar) asali va shira (o‘simlik barglari va poyalaridan ajraladigan shira) asaliga bo‘linadi" (O‘zME). Xalq orasida esa asal asosan tog‘ asali va cho‘l asaliga ajratilib farqlanadi. Odatda tog‘ asali yuqori sifatli hisoblanadi va narxi ham shunga yarasha bo‘ladi; O‘zgan asali, Zomin asali, Chimyon asali kabi joy nomlari bilan ataladi. Cho‘l asali esa biroz boshqacharoq tasniflanadi, ya'ni odatda nimadan olingan bo‘lsa, o‘sha o‘simlik oti bilan nomlanadi: paxta asali, kungaboqar asali, beda asali kabi. Dasht hududlaridan olingan asallar ham aksar hollarda cho‘l asali bilan bir guruhda sanaladi, narxi orasida ham farq unchalik katta bo‘lmaydi. Lekin sifati, ayniqsa, shifobaxshligi borasida dashtdan olingan asal juda tog‘ asaliday bo‘lolmasa ham, undan qolishmaydi. Xususan, kovul asali, oqquray asali va boshqa dasht o‘simliklaridan olinadigan asallar ham juda shifobaxsh va xushta'mdir. Faqat rangi och bo‘ladi va bir turli o‘simliklardan olinganligi uchun tarkibi tog‘ asalichalik boy bo‘lmaydi. Tog‘ asali turfa xil dorivor giyohlar gulidan yig‘ilganidan rangi to‘q (ko‘pincha tillorang) bo‘ladi va alohida xushbo‘y hid taratib turadi. Tarkibi ham shunga yarasha boy, tabiiyki, shifobaxshligi-da boshqalariga qaraganda yuqoridir. Tabiatdan olinish manbai turli-tuman bo‘lgani sababli tog‘ asali odatda alohida o‘simlik nomlari bilan sifatlanmaydi. Umuman olganda, asal turlarining yuqoridagi va boshqa manbalarda berilgan tasniflari ham nisbiydir. Chunki bir o‘simlik turli mintaqa (tog‘, cho‘l, dasht)da o‘sishi ham mumkin. Shuningdek, bir necha o‘simliklardan olingan asallar tabiiy ravishda aralash holda ham uchraydi.
Anvar жавоб берди 0
Nuriddin жавоб берди 0
Assalomu alaykum? Halqi insonlar menda ber, savol bor idi. Asalni qayse payti yesa yaxshi? i foydali. Jovob uchun oldendan raxmat.

Юз нерви неврапатиясини даволашда  асалдан  фойдаланса бўладими

Maslahatim.uz жавоб берди 10
Эслатма: Сиз ушбу сайтдан маслаҳат сўрашингиз ва маслаҳат беришинигиз мумкин!

Сизнинг жавобингиз

Жавобни шошилмасдан, тўғри ва имло хатоларсиз ёзишга ҳаракат қилинг, кириллча ёзсангиз "қ" "ҳ" "ғ" "ў" ҳарфлари билан ёзинг ёки вергул билан ажратиб ёзинг, лотинча ёзсангиз, "sh"ни "w" қилиб ёзманг илтимос!!!
Махфийлик шарти: Сизнинг электрон манзилингиздан фақат билдиришномалар юбориш мақсадида фойдаланилади.

Келгусида бундай текширувдан ўтмаслик учун, илтимос, киринг ёки рўйхатдан ўтинг.
...

Сиз ушбу бўлимда сизни қийнаётган ва қизиқтираётган саволларни бериб жавоб олинг, ва берилган саволарга маслаҳатлар бериб, савол берувчининг мушкулини осон қилинг.
Сайтга фойдаланувчи томонидан қўшилган ёлғон ёки инсон онгига салбий таъсир ўтказадиган маълумотлар, қолдирилган фикрлар ва изоҳларга жавобгарликни сайт маъмурияти ўз зиммасига олмайди.